
DUNYO
Microsoft 69 mlrd dollarlik Activision bitim bo‘yicha FTCga qarshi g‘alaba qozondi

Chorshanba kuni AQShning San-Fransisko shtatida joylashgan 9-apellyatsiya okrugi sudi Federal savdo komissiyasining (FTC) Microsoft’ning “Call of Duty” o‘yinini ishlab chiquvchi Activision Blizzard kompaniyasini 69 milliard dollarga sotib olishi bo‘yicha e’tirozini rad etdi.
Sud pastki instansiya sudyasining FTC’ning bitimni vaqtincha to‘xtatib turish haqidagi iltimosiga haqli emasligi haqida chiqargan qarorini kuchda qoldirdi. Mazkur bitim 2023-yilda yopilgan edi.
Uch nafar sudyadan iborat hay’at bir ovozdan pastki sudya to‘g‘ri yuridik mezonlarni qo‘llaganini ma’qulladi va FTC o‘zining da’volarida, ya’ni ushbu birlashma raqobatni cheklaydi, degan fikrni isbotlay olmaganini ta’kidladi.
FTC vakili bu borada izoh bermadi. Microsoft ham darhol izoh berishni rad etdi.
Mazkur qaror FTC tomonidan 2022-yilda Xbox ishlab chiqaruvchisi Microsoft’ga qarshi ochilgan monopoliyaga qarshi da’vo doirasida qabul qilingan.
FTC, AQShdagi monopoliyaga qarshi qonunchilikni nazorat qiluvchi idora sifatida, birlashuvga qarshi alohida ma’muriy ish ham qo‘zg‘atgan edi. Bu ish 2023-yilda president Jo Bayden ma’muriyati davrida, 9-okrug sudi qarori chiqmaguncha to‘xtatilgan edi.
Activision Blizzard’ni sotib olish videoo‘yinlar bozoridagi eng yirik bitim bo‘ldi. Bitim 2023-yil oxirida Buyuk Britaniya nazorat organlarining tasdig‘idan so‘ng yopilgan. U boshqa xalqaro bozorlar nazoratchilari tomonidan ham ko‘rib chiqilgan edi.
FTC bu bitimni vaqtincha to‘xtatib turish uchun suddan qaror olishga harakat qilgan, u bu amalga oshgan taqdirda ma’muriy tartibda ishni davom ettira olgan bo‘lardi.
FTC Microsoft va Activision birlashuvi Xbox konsoli hamda kompaniyaning obuna asosidagi va bulutli o‘yin xizmatlarida raqobatchilarni siqib chiqarish imkonini beradi, deb hisoblagan.
AQSh tuman sudi sudyasi Jaklin Skott Korli 2023-yilning iyulida bitimni to‘xtatib turish haqida qaror chiqarmagan va FTC Microsoft’ning Activision’ni sotib olishi “videoo‘yin kutubxonasi obunasi va bulutli o‘yin bozorida raqobatni sezilarli darajada kamaytiradi” deganini isbotlay olmaganini bildirgan.
FTC apellyatsiyada sud bu borada vaqtincha taqiq qo‘yish mezonlarini haddan tashqari qat’iy qo‘lladi, deb e’tiroz bildirgan.