
MAHALLIY
Bolalar uchun kontent yaratuvchi yuridik shaxslar foyda solig‘idan ozod qilinadi

Bolalar uchun mo‘ljallangan kontent yaratuvchi yuridik shaxslar foyda solig‘i to‘lashdan ozod qilinadi va ijtimoiy soliqni 1 foiz miqdorida to‘laydi. Bunday kontentlar qadriyatlarga hurmat va vatanga sadoqat hissini tarbiyalashga hamda xavfli kontentlarni aniqlash kabilarga xizmat qilish kerak.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 15-may kuni bolalar uchun mo‘ljallangan milliy kontentlar yaratish va ularni ommalashtirishni qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi qarorni imzoladi, deya xabar bermoqda Adliya vazirligi.
Hujjatga asosan, bolalar uchun mo‘ljallangan kontentlar yaratishdan olgan daromadi jami yillik daromadining kamida 80 foizini tashkil etgan yuridik shaxslar 2025-yil 1-iyuldan 2030-yil 1-yanvarga qadar quyidagi imkoniyatlar beriladi:
foyda solig‘i to‘lashdan ozod qilinadi;
ijtimoiy soliqni 1 foiz miqdorida to‘laydi;
bolalar uchun mo‘ljallangan kontentlar yaratish bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlarini foyda solig‘ini hisoblashda chegirib tashlash huquqi beriladi.
Qarorga ko‘ra, respublikada bolalar uchun mo‘ljallangan milliy kontentlar ishlab chiqarish hamda ularni ommalashtirishning ustuvor yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilandi:
bolalarda sog‘lom turmush tarzi ko‘nikmasi, tabiatni asrab-avaylash, milliy qadriyatlarga hurmat va ona vatanga sadoqat hissini tarbiyalashga xizmat qiluvchi kontentlar yaratish;
bolalar uchun xavfsiz axborot muhitini yaratish;
ota-onalar va bolalarni internet tarmog‘idagi axborotlarni to‘g‘ri baholashga hamda xavfli kontentlarni aniqlashga yo‘naltiruvchi mexanizmlarni ishlab chiqish.
Bolalar uchun mo‘ljallangan kontentlar yaratish yo‘nalishida yuqori malakali kadrlar tayyorlash maqsadida har yili “El-yurt umidi” jamg‘armasi tomonidan jahondagi yetakchi oliy ta’lim tashkilotlarida bakalavriat dasturlari bo‘yicha kadrlar tayyorlash uchun 5 ta kvota ajratiladi.
Prezident qarori bilan Bolalar kontentini rivojlantirish markazi tashkil qilindi. Unga rejissyor Jahongir Ahmedov direktor etib tayinlandi. Markaz bolalar tarbiyasi va sog‘lig‘iga salbiy ta’sir qiladigan kontentni tahlil qiladi va mahalliy ijodkorlarga milliy kontent yaratish bo‘yicha buyurtma beradi.