top of page

DUNYO

30-iyundan Rossiyaga kirish uchun QR kod kerak bo‘ladi


Rossiyaga kirayotgan chet el fuqarolari 30-iyundan “Gosuslugi RuID” ilovasi orqali QR kod olishlari kerak bo‘ladi. Buni 3 sutkadan kechiktirmay, favqulodda holatlarda esa kelishdan kamida 4 soat oldin amalga oshirish zarur.


2025-yil 30-iyundan boshlab vizasiz tartibda Rossiyaga kelayotgan chet el fuqarolari “Gosuslugi RuID” mobil ilovasi orqali oldindan ro‘yxatdan o‘tishi va QR kod olishi shart bo‘ladi. O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi konsullik bo‘limi bu haqda ogohlantirish berdi.


QR kodni chegaradan o‘tishda taqdim etish talab etiladi.

Ro‘yxatdan o‘tish uchun shaxsiy kabinet yaratish, fotosurat va shaxsiy ma’lumotlarni yuklash va Rossiyada bo‘lish muddatini ko‘rsatish kerak. Ariza safardan kamida 72 soat oldin berilishi lozim.


Agar kelish zarurati to‘satdan (masalan, og‘ir kasallik yoki yaqin qarindosh vafoti) paydo bo‘lsa, arizani 4 soat qolganda ham topshirish mumkin, deyiladi xabarda.


Belarus fuqarolari, 6 yoshgacha bo‘lgan bolalar, viza, vaqtinchalik yoki doimiy yashash ruxsatnomasiga ega shaxslar ro‘yxatdan o‘tishdan ozod qilinadi.


6 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun arizani ularning ota-onalari yoki qonuniy vakillari topshiradi — ularda ham shaxsiy ro‘yxatdan o‘tish kodi bo‘lishi shart.


Ma’lum qilinishicha, yangi qoidalar Rossiya hukumatining 2024-yil 7-noyabrdagi “Chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning Rossiya Federatsiyasiga kirish va undan chiqish qoidalari va shartlarini sinovdan o‘tkazish bo‘yicha eksperiment o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori asosida kuchga kiradi.


Avvalroq 1-dekabrdan boshlab Moskvaning to‘rtta aeroporti — Sheremetevo, Vnukovo, Domodedovo va Jukovskiy, shuningdek, Orenburg viloyatidagi “Mashtakovo” davlat chegarasi orqali o‘tkazish punktida kirib kelayotgan chet el fuqarolarining biometrik ma’lumotlarini (foto va daktiloskopiya) to‘plash bo‘yicha tajriba o‘tkazilgandi.


30-iyundan esa xuddi shu qaror asosida Rossiya chegarasidagi barcha o‘tkazish punktlarida o‘zgarishlar kiritilmoqda.

Ulashing

bottom of page