
MAHALLIY
O‘zbekistonda elektron sigareta sotganlar 12 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin

Senat O‘zbekistonda elektron sigaretalar importi va muomalasini taqiqlash ko‘zda tutilgan qonunni ma’qulladi. Unga ko‘ra, bunday harakatlar uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilanadi. Og‘irlashtiruvchi holatlarda ayblanuvchi 12 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.
Senatning oltinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga ba’zi turdagi tamaki mahsulotlarining, tamakini va nikotinni iste’mol qilish moslamalarining muomalasiga doir talablarni yanada kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.
Qonun quyi palata tomonidan birinchi o‘qishda 7-yanvar, ikkinchi va uchinchi o‘qishda 24-yanvar kuni qabul qilingan.
Qonun 6 ta moddadan iborat bo‘lib, u bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslariga hamda “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda iste’mol qilinishini cheklash to‘g‘risida”gi qonunga quyidagi qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasida nikotinni iste’mol qilish moslamalari, shu jumladan, elektron sigaretalar va ular uchun suyuqliklarning muomalasi taqiqlanmoqda.
“Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda iste’mol qilinishini cheklash to‘g‘risida” qonunning 37-moddasi bilan aylanmasi taqiqlangan chekilmaydigan tamaki mahsulotlari, nikotinni iste’mol qilish moslamalari, shu jumladan, elektron sigaretalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilanmoqda, bunda ma’muriy javobgarlik — ashyolarni musodara qilib, 37,5 mln so‘mdan 75 mln so‘mgacha jarima qo‘llash belgilanmoqda.
Jinoiy javobgarlikka tortilganda (ushbu harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilsa) — 150 mln so‘mdan 225 mln so‘mgacha jarima yoki 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolash ko‘zda tutilgan.
Og‘irlashtiruvchi holatlar uchun (ko‘p va juda ko‘p miqdorda, guruhiy, takroran, hokimiyat yoki mansab vakolatlarini suiiste’mol qilish yo‘li bilan homiylik qilish) — 12 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish nazarda tutilmoqda.
Shu bilan birga, agar shaxs o‘z ixtiyori bilan aybini bo‘yniga olish to‘g‘risida hokimiyat organlariga arz qilsa va taqiqlangan mahsulotlarni topshirsa, u javobgarlikdan ozod qilinadi.
Shuningdek, tamakini qizdirish tizimlarining noqonuniy muomalasi uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilanmoqda.
Tamaki mahsulotlarining ulgurji savdosiga doir faoliyat vakolatli davlat organiga mazkur faoliyat boshlanishi to‘g‘risida xabarnoma yuborish yo‘li bilan, tamaki mahsulotlarining chakana savdosiga doir faoliyat soliq organlariga mazkur faoliyat boshlanishi to‘g‘risida xabarnoma yuborish yo‘li bilan amalga oshirilishi qayd etilmoqda.
Qayd etilishicha, oxirgi to‘rt yilda O‘zbekistonda qiymati 28,5 mln dollarlik 5,4 mln dona elektron sigareta xorijdan import qilingan bo‘lib, bu ko‘rsatkich avvalgi yillarga nisbatan keskin ravishda ya’ni 80 baravarga oshgan.
Nikotinni iste’mol qilish moslamalaridan, shu jumladan, elektron sigaretalardan foydalanuvchi yoshlar salmog‘i (18−29 yoshlilar 32 mingdan ortiq) katta yoshdagilarga (30−69 yoshlilar 7 mingdan ortiq) nisbatan deyarli besh baravar ko‘pligi aytildi. Tahlillarga ko‘ra, bugun 30 mingga yaqin o‘g‘il bolalar va 9 mingga yaqin qizlar chekishga moyil bo‘lsa, 12 ming nafardan ortiq bolalar va o‘smirlar ushbu sigaretalarni muntazam chekadi.
Tadqiqotlarga ko‘ra, elektron sigaretalarda nikotin moddasidan tashqari kanserogen, zaharli bo‘lgan 80 xil kimyoviy birikmalar va og‘ir metallar mavjudligi, ularning inson sog‘lig‘iga va atrof-muhitga jiddiy ziyoni aniqlanmoqda.
Xususan, organizmda nikotinga qaramlik oshishi bilan birga:
bolalar va o‘smirlarda miya shakllanishiga, intellekt, bilim va qobiliyatning pasayishiga, ruhiy agressivlik rivojlanishiga;
bronx-o‘pka tizimida zaharlanish (astma, bronxit, “eozinofil pnevmoniya”), o‘limga olib keluvchi yallig‘lanish, saraton va “bodroqsimon o‘pka” kasalligini keltirib chiqarishiga;
oshqozon-ichak traktida saraton kasalligi, markaziy nerv tizimi, buyrak va jigar funksiyasining buzilishi, shuningdek, gipertaniya, insult, infarkt kabi yurak-qon tomir kasalliklari rivojlanishiga;
kimyoviy birikma va moddalar organizmga mutagen ta’sir qilib, DNK strukturasini jarohatlashi, immunitetni, ayollar repoduktivligini pasayishiga, homilaning irsiy nogironligi yoki o‘limiga olib kelishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Shu munosabat bilan nikotinni iste’mol qilish moslamalari, shu jumladan elektron sigaretalar va ular uchun suyuqliklar muomalasini O‘zbekiston hududida taqiqlash va bunday huquqbuzarliklar uchun javobgarlik belgilash zaruriyati yuzaga kelgan.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullanib, prezidentga imzolash uchun yuborildi. Manba: gazeta.uz