top of page

DUNYO

Fransiyada Apple'ni 162 million dollar jarimaga tortishdi

Fransiyaning monopoliyaga qarshi regulyatori Apple’ni maxfiylik qonunlarini buzganlikda ayblab, 162 million dollar jarimaga tortdi



Fransiyaning raqobatni nazorat qiluvchi organi — Autorité de la Concurrence 31-mart kuni Apple kompaniyasiga 162 million dollar jarima solganini e’lon qildi. Bu jarima Apple’ning App Tracking Transparency (ATT) nomli funksiyasi orqali foydalanuvchilarning shaxsiy ma’lumotlarini qayta ishlashdagi murakkab va biryoqlama tizimi sababli qo‘yilgan.


Regulyator ATT tizimi orqali talab qilinadigan rozilik jarayoni foydalanuvchilar uchun ortiqcha yuk bo‘layotganini ta’kidlab, bu Yevropa Ittifoqining Umumiy Ma’lumotlarni Himoya qilish Nizomi (GDPR) hamda Fransiyaning Shaxsiy Ma’lumotlarni Himoya Qonuniga zid ekanini aniqladi. GDPR Yevropa Ittifoqida faoliyat yuritadigan va mahsulot yoki xizmat taklif qiladigan barcha kompaniyalarga tegishli hisoblanadi. Apple ushbu qonuniy majburiyatlarga rioya qilish uchun qo‘shimcha rozilik oynasini ko‘rsatishi kerak edi. Biroq, bir nechta paydo bo‘ladigan oynalar ilovalardan foydalanishni juda murakkablashtirib yuboradi.


ATT, shuningdek, CNIL (Informatika va Ozodliklar bo‘yicha Milliy Komissiya) tomonidan e’lon qilingan neytrallik bo‘yicha tavsiyalarni ham buzgan. Regulyator Apple o‘ziga nisbatan qanday munosabatda bo‘lsa, ilova ishlab chiquvchilarga nisbatan bunday yondashmaganini, aniqrog’i asimmetrik yondashuvni tanqid qilgan.


Regulyator jarima miqdori belgilanayotganda ATT tomonidan qonunbuzarliklar 2021-yil aprelidan 2023-yil iyuligacha davom etganini va Apple’ning iqtisodiy qudratini inobatga olgan. Bu holat Yevropa Ittifoqining boshqa mamlakatlari ham Apple’ga qarshi harakat boshlashi mumkinligini ko‘rsatmoqda, ayniqsa shu yil mart oyida Yevropa Komissiyasi Apple’ni Raqamli bozorlar to‘g‘risidagi qonunni (DMA) ikki marta buzganlikda ayblaganini inobatga olsa. ATT’ni GDPR talablari bilan muvofiqlashtirish Apple’ga keyingi sanksiyalardan qochish imkonini beradi.


ATT bilan bog‘liq muammolar 2020-yildayoq, tizim hali ishga tushmasidan avval boshlangan. Bir nechta tashkilotlar ATT reklamaga yo‘l bermasligi sababli Autorité’ga shikoyatlar bilan chiqqan. Chunki maqsadli reklama ilova ishlab chiquvchilar va boshqa raqamli reklama subyektlari uchun muhim daromad manbai hisoblanadi. 2021-yil 17-mart kuni chiqargan qarorida Autorité vaqtinchalik choralarni qo‘llashdan bosh tortgan, ammo tergov davom ettirilishini bildirgan. 2023-yilda CNIL va Autorité raqobat qonunchiligi bilan ma’lumotlar maxfiyligi o‘rtasidagi muvozanatga bag‘ishlangan qo‘shma bayonot chiqardi.


ATT tizimi 2021 yil aprelida iOS 14.5, iPadOS 14.5 va tvOS 14.5 versiyalarida ishga tushirilgan. U foydalanuvchi boshqa kompaniyalarga tegishli ilovalar va veb-saytlardagi harakatlari kuzatilishidan oldin maxsus oynada ruxsat so‘raydi. Kuzatuv foydalanuvchini yoki uning qurilmasini aniqlovchi ma’lumotlar boshqa manbalardan olingan shunga o‘xshash ma’lumotlar bilan birlashtirilganda yuz beradi. Ushbu ma’lumotlar, shuningdek, ma’lumot brokerlari bilan ham ulashilishi mumkin.


Muallif: Aleksandra Bennett

Manba: Jurist.org



Ulashing

bottom of page