
DUNYO
AQSH sudi turkiyalik aspirant Rumeysa O‘zturkni ozod qilishga qaror qildi

Juma kuni AQSHning federal sudyasi Turkiya fuqarosi va PhD talabasi Rumeysa O‘zturkni qamoqdan ozod qilishga qaror chiqardi. O‘zturk mart oyida talabalar uchun mo‘ljallangan F-1 vizasi bekor qilinganidan so‘ng AQSH Ichki xavfsizlik departamenti (DHS) tomonidan hibsga olingan edi va bir necha hafta davomida qamoqda saqlangan.
Aprel oyida AQSHning Vermont shtatining Burlington shahridagi okrug sudyasi Uilyam Seshns O‘zturkni Vermonta qaytarish haqida qaror chiqargan edi. Uning habeas corpus arizasi avval Massachusetsda topshirilgan bo‘lib, keyinroq Vermont yurisdiksiyasiga o‘tkazilgan. Shundan so‘ng, AQSH Adliya departamenti (DOJ) bu qarorni to‘xtatib turish uchun favqulodda shikoyat kiritdi. Biroq, AQSHning Ikkinchi apellyatsiya sudi bu shikoyatni rad etdi va hukumat apellyatsiyada muvaffaqiyat qozonish ehtimoli kamligini hamda qaror kuchga kirgan taqdirda jiddiy zarar ko‘rishini asoslab bera olmaganini ta’kidladi.
Juma kuni bo‘lib o‘tgan sud majlisida O‘zturkning advokatlari va AQSH hukumati vakillarining bir necha soatlik bahslaridan so‘ng, sudya Seshns O‘zturkni qamoqdan ozod qilishga qaror qildi. O‘zturk sud majlisida Luizianadagi muhojirlik markazidan masofaviy tarzda ishtirok etdi. Vermont shtatining vaqtincha federal prokurori Maykl Dresher sudga qarorga rioya qilinishini kafolatladi. Shuningdek, sudya Seshns AQSH prokuraturasidan O‘zturk Luizianadagi markazdan ozod etilgan vaqtda sudni xabardor qilishni so‘radi.
Ammo uning ozod etilishi va Vermontga qaytishi nafaqat advokatlariga va tibbiy xizmatga yaqinroq bo‘lish imkonini beradi (bu oldin uning ishida muammo sifatida ko‘tarilgandi), balki ilmiy famoliyatini davom ettirish imkoniyatini ham yaratadi.